Bugungi global taraqqiyot sharoitida davlatlarning raqobatbardoshligi, avvalo, ularning intellektual salohiyati, zamonaviy taʼlim tizimi, ilm-fan taraqqiyoti va innovatsion imkoniyatlari bilan belgilanmoqda. Shu maʼnoda, turkiy davlatlar oʻrtasidagi hamkorlikning yangi bosqichga koʻtarilishida aynan taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar strategik ahamiyat kasb etmoqda. Chunki mazkur yoʻnalishlar nafaqat iqtisodiy oʻsish yoki kadrlar tayyorlashga, balki xalqlar oʻrtasidagi maʼnaviy yaqinlik, umumiy sivilizatsion makon va kelajak taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor yaratishga xizmat qiladi.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev saʼy-harakati bilan turkiy davlatlar bilan munosabatlarda mutlaqo yangi muhit shakllandi. Ayniqsa, oliy taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli loyihalar turkiy integratsiyaning amaliy mexanizmiga aylanib bormoqda. Bugungi kunda Turkiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Ozarbayjon va Turkmaniston bilan yuzlab universitetlararo shartnomalar, qoʻshma taʼlim dasturlari, akademik almashinuvlar va ilmiy tadqiqot loyihalari amalga oshirilmoqda.
Qozogʻiston bilan hamkorlik bu borada eng faol yoʻnalishlardan biri hisoblanadi. Hozirgi vaqtda Oʻzbekiston va Qozogʻiston oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida 280 dan ortiq shartnoma va memorandumlar amal qilmoqda. Soʻnggi yillarda ikki davlat oʻrtasida talabalar almashinuvi keskin oshdi. Xususan, 2025/2026 oʻquv yilida Oʻzbekiston oliygohlarida tahsil olayotgan qozogʻistonlik talabalar soni 1000 nafardan oshgan. Shu bilan birga, Qozogʻiston oliy taʼlim muassasalarida 5,5 mingdan ziyod oʻzbekistonlik talabalar tahsil olmoqda.
Oʻz navbatida, oliygohlarning filiallarini ochish amaliyoti turkiy taʼlim integratsiyasining yangi bosqichini boshlab berdi. Janubiy Qozogʻiston universitetining Chirchiq shahridagi filiali hamda Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti milliy tadqiqot universitetining Olmaotadagi filiali ana shunday muhim loyihalardandir. Bu kadrlar tayyorlash bilan bir qatrda umumiy taʼlim standartlarini shakllantirishga ham xizmat qilmoqda.
Qirgʻiziston bilan hamkorlik ham izchil rivojlanmoqda. Soʻnggi yillarda ikki mamlakat oliygohlari oʻrtasida 90 dan ortiq shartnoma va memorandumlar imzolangan. 2023-yilda Oʻsh shahrida, 2024-yilda esa Samarqandda ikki davlat rektorlarining forumlari oʻtkazilib, oʻnlab yangi kelishuvlarga erishildi. Bu forumlar turkiy davlatlar oliy taʼlim makonini shakllantirishda muhim platforma vazifasini bajarmoqda.
Oʻzbekiston tomonidan qirgʻiz yoshlari uchun davlat grantlari ajratilishi ham muhim ahamiyatga ega. 2021-yildan boshlab Qirgʻiziston fuqarolari uchun har yili 100 ta davlat granti ajratilmoqda. Bu esa taʼlim orqali inson kapitali integratsiyasini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Ozarbayjon bilan hamkorlikda esa madaniy-maʼrifiy yoʻnalishlar alohida oʻrin tutadi. Ikki mamlakat oliygohlari filologiya, adabiyot, sanʼat, turizm, neft-gaz ishi va tibbiyot sohalarida qoʻshma tashabbuslar amalga oshirilmoqda.
Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida Fizuli nomidagi Ozarbayjon madaniyati, taʼlimi va tadqiqotlari markazining faoliyat yuritishi, Bokuda Alisher Navoiy ilmiy markazining tashkil etilishi ikki xalq oʻrtasidagi maʼnaviy yaqinlikning yorqin namunasidir. Bu kabi markazlar turkiy xalqlarning umumiy adabiy va madaniy merosini chuqur oʻrganishga xizmat qilmoqda.
Taʼkidlash joizki, turkiy davlatlar integratsiyasining maʼnaviy asoslarini mustahkamlashda buyuk ajdodlar merosini birgalikda oʻrganish va targʻib qilish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, hazrat Alisher Navoiy merosi turkiy xalqlarni birlashtiruvchi ulkan maʼnaviy koʻprik vazifasini bajarmoqda. 2026-yil 13-fevral kuni Anqara shahridagi TURKSOY bosh qarorgohida Alisher Navoiy tavalludining 585-yilligi munosabati bilan “Alisher Navoiy — turkiy adabiyotning buyuk namoyondasi” mavzusida xalqaro anjuman oʻtkazildi. Unda turkiy dunyo mamlakatlarining ilm-fan, adabiyot va diplomatiya sohasi vakillari, nufuzli olimlar va ijodkorlar ishtirok etdi.
Tadbirda TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev Navoiyni turkiy dunyoning umumiy vijdoni va sivilizatsion timsoli sifatida eʼtirof etdi. Anjumanda Navoiy asarlarini zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida tadqiq etish, qoʻlyozmalarni oʻrganish, nashr va tarjima ishlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, “Xamsa”ning ozarbayjon tiliga toʻliq tarjima qilinib nashr etilgani, “Mahbub ul-qulub” asarining qator turkiy tillarga oʻgirilgani Navoiy merosining umumturkiy maʼnaviy boylikka aylanganini koʻrsatadi.
Anjuman doirasida Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan amalga oshirilayotgan xalqaro ilmiy loyihalar taqdim etildi. Shuningdek, turkiy dunyo madaniyati va adabiyoti rivojiga qoʻshgan hissasi uchun bir qator oʻzbek olim va ijodkorlarining TURKSOY medallari bilan taqdirlanishi ham maʼnaviy hamkorlikning yuksak eʼtirofi boʻldi.
Turkiy davlatlar oʻrtasidagi ilmiy-madaniy hamkorlikda turkologiya sohasi alohida oʻrin tutadi. 2025-yil 8-aprel kuni Boku Slavyan universitetida “I Turkologik qurultoyning 100-yilligiga bagʻishlangan xalqaro turkologik tadqiqotlar konferensiyasi”ning oʻtkazilishi bu boradagi hamkorlikning yangi bosqichga koʻtarilayotganini koʻrsatdi. Anjumanda Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi, Turkiya, Qozogʻiston va Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari rahbarlari, yetakchi olimlar hamda Namangan davlat universiteti delegatsiyasi ishtirok etdi. Konferensiya doirasida turkologiya sohasidagi ilmiy tadqiqotlarning istiqbolli yoʻnalishlari, umumiy tarixiy-madaniy merosni oʻrganish va xalqaro akademik hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Turkmaniston bilan hamkorlikda esa gumanitar va ilmiy yoʻnalishlar uygʻun rivojlanmoqda. Oʻzbekiston va Turkmaniston olimlari oʻrtasida qoʻshma tadqiqotlar, olimpiadalar, xalqaro konferensiyalar va ilmiy loyihalar muntazam tashkil etilmoqda. Xususan, ikki mamlakat oʻrtasida qoʻshma ilmiy loyihalar tanlovining yoʻlga qoʻyilishi va 2024-yildan boshlab 4 ta qoʻshma tadqiqotning moliyalashtirilishi muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Turkiya bilan hamkorlik esa turkiy integratsiyaning eng yirik va institutsionallashgan yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Turkiya oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida 200 dan ortiq hamkorlik shartnomalari imzolangan. Ikki mamlakat rektorlari forumlari doirasida esa oʻnlab yangi loyihalarga start berildi.
Turkiyaning nufuzli universitetlari bilan qoʻshma taʼlim dasturlari, texnoparklar, muhandislik va yuqori texnologiyalar sohasidagi loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, “TUSAŞ” kompaniyasi bilan dron texnologiyalari boʻyicha oʻquv kurslarini tashkil etish, “Yildiz” texnoparki konsepsiyasi asosida innovatsion oʻquv-ishlab chiqarish texnoparkini barpo etish, Toshkentda Turkiya Iqtisodiyot va texnologiyalar universiteti filialining faoliyati turkiy innovatsion hamkorlikning yangi modelini yaratmoqda.
Bugungi kunda turkiy davlatlar integratsiyasi faqat madaniy yaqinlik yoki tarixiy mushtaraklik bilan cheklanib qolmayapti. Endi u innovatsiyalar, startaplar, raqamli texnologiyalar, sunʼiy intellekt, muhandislik va ilmiy tadqiqotlar orqali yangi mazmun kasb etmoqda. Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida TUBITAK bilan hamkorlikda oʻtkazilayotgan qoʻshma ilmiy loyihalar tanlovlari buning amaliy ifodasidir.
Shu bilan birga, turkiy davlatlar oʻrtasida akademik mobillikning kuchayishi, diplom va kvalifikatsiyalarni oʻzaro tan olish, yagona taʼlim platformalarini yaratish, ilmiy jurnallar va tadqiqot fondlarini tashkil etish boʻyicha takliflar ham ilgari surilmoqda. Eng muhimi, mazkur jarayonlar ortida inson kapitaliga investitsiya, yosh avlodni umumiy qadriyatlar asosida tarbiyalash va intellektual birlikni taʼminlash gʻoyasi mujassam. Chunki XXI asrda davlatlar taqdiri neft yoki gaz bilan emas, balki bilim, texnologiya va innovatsiyalar bilan belgilanadi.
Shu maʼnoda, taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik turkiy davlatlar integratsiyasining eng barqaror, eng istiqbolli va eng kuchli drayveriga aylanmoqda. Bu jarayon nafaqat turkiy xalqlarni yanada yaqinlashtiradi, balki Yevroosiyo makonida yangi intellektual va texnologik markaz shakllanishiga ham xizmat qiladi.
Turkiy davlatlar integratsiyasini yangi bosqichga olib chiqayotgan muhim omillardan biri – bu oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi institutsional hamkorlikning mustahkamlanayotganidir. Bugungi kunda Oʻzbekiston 100 dan ortiq oliy taʼlim muassasasini birlashtirgan Turkiy universitetlar ittifoqi – TÜRKÜNİBga 2025–2026-yillarda raislik qilayotgani mamlakatimizning mazkur yoʻnalishdagi faol va tashabbuskor siyosatini yaqqol namoyon etmoqda.
2025-yil 15-oktyabr kuni Toshkent xalqaro universitetida “Turkiy ilm-fan va innovatsiyalar kunlari” doirasida TÜRKÜNİBning 8-Bosh Assambleyasi boʻlib oʻtdi. Unda Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Өmүraliyev, Turkiy akademiya prezidenti Shahin Mustafayev, TDT va TURKSOY rahbariyati, oliy taʼlim muassasalari rektorlari, olimlar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Assambleyada Ozarbayjon, Turkiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Vengriya, Shimoliy Kipr va Oʻzbekistondan 69 ta universitetning qariyb 200 nafar delegati qatnashdi.
Tadbir doirasida “TurkBarometer” loyihasi natijalari taqdim qilinib, turkiy davlatlardagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar va integratsiya tendensiyalari muhokama qilindi. U2U – “University-to-University” formatidagi uchrashuvlar esa universitetlararo yangi sheriklik aloqalari uchun amaliy maydon vazifasini oʻtadi.
Bugungi kunda turkiy davlatlar oʻrtasida yagona akademik makonni shakllantirishga xizmat qilayotgan muhim institutsional platformalardan biri — Toshkent shahrida tashkil etilgan Turkiy davlatlar xalqaro universitetidir. Mazkur universitet turkiy mamlakatlar oʻrtasida taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, zamonaviy kadrlar tayyorlash va qoʻshma ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish maqsadida faoliyat yuritmoqda.
Universitetda taʼlim yoʻnalishlari, boshqaruv modeli va akademik jarayonlar turkiy davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro integratsiya tamoyillari asosida shakllantirilmoqda. Shuningdek, mazkur oliy taʼlim muassasasi professor-oʻqituvchilar va talabalar akademik almashinuvini kengaytirish, qoʻshma taʼlim dasturlari va ilmiy loyihalarni amalga oshirish uchun muhim muloqot maydoni vazifasini bajarmoqda.
Turkiy davlatlar oʻrtasidagi integratsiya faqat taʼlim va ilm-fan bilan cheklanib qolmayapti. Yoshlar siyosati, talabalar almashinuvi va sport diplomatiyasi ham mazkur jarayonning muhim qismiga aylanmoqda. Xususan, 2025-yil sentyabr oyida Qirgʻizistonning Choʻlpon-ota shahrida oʻtkazilgan Turkiy davlatlar III Universiadasida Oʻzbekiston delegatsiyasi 7 ta sport turi boʻyicha 80 nafar talaba-sportchi bilan ishtirok etdi. Mazkur musobaqalar turkiy mamlakatlar yoshlari oʻrtasida doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlash, sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish hamda umumiy yoshlar makonini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Turkiy davlatlar oʻrtasida taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida shakllanayotgan hamkorlik bugungi kunda umumiy taraqqiyotning eng muhim omillaridan biriga aylanmoqda. Universitetlar, ilmiy markazlar, akademik platformalar va yoshlar tashabbuslari orqali mustahkamlanayotgan bu munosabatlar turkiy dunyoning intellektual salohiyatini birlashtirishga xizmat qilmoqda.
Eʼtiborli jihati shundaki, mazkur jarayonlar faqat bugungi manfaat yoki qisqa muddatli loyihalar bilan cheklanib qolmayapti. Ular kelajak avlod uchun umumiy bilim va taraqqiyot makonini shakllantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Ilm-fan, innovatsiya va zamonaviy texnologiyalar sohasidagi yaqinlashuv esa turkiy davlatlarning xalqaro raqobatbardoshligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bugun turkiy davlatlar oʻrtasida shakllanayotgan intellektual hamkorlik nafaqat universitetlar yoki ilmiy muassasalarni, balki xalqlarni ham bir-biriga yaqinlashtirmoqda. Bu esa umumiy tarix va maʼnaviy merosga tayangan holda zamonaviy taraqqiyotning yangi modelini yaratish imkonini bermoqda.
Shu maʼnoda, taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar turkiy davlatlarning umumiy kelajagini bogʻlab turuvchi eng kuchli maʼnaviy va intellektual koʻprikka aylanmoqda.
Nazokat ABDUQUNDUZOVA,
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi
Axborot xizmati rahbari